Samarqand Yoshlar texnoparkining kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini belgilash yuzasidan kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri E.O.Turdimovning topshiriqlariga muvofiq, Yoshlar texnoparkining kelgusidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda bu jarayonda tadbirkorlarning boy tajribasi va amaliy tashabbuslaridan samarali foydalanish maqsadida Samarqand Yoshlar texnoparkida tashabbuskor tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
BBoburjon Astanov

Dastlab Respublika ishchi guruhi rahbari U.Tashkenbayev Yoshlar texnoparki faoliyati, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan FabLab laboratoriyasi, yoshlarning istiqbolli startap loyihalari hamda mavjud texnologik imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimligi mas’ul xodimi, viloyat hokimi huzuridagi Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashi raisi o‘rinbosari N.Ibragimov, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, tegishli boshqarmalar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida qizg‘in muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida texnoparklarni shunchaki infratuzilma obyekti sifatida emas, balki ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarishni o‘zaro mustahkam bog‘lovchi yagona amaliy markaz sifatida shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy ishlanmalarni bevosita ishlab chiqarishga integratsiya qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
🤔 Uchrashuv yakuniga ko‘ra muhim vazifalar belgilab olindi:
✍️ Viloyat hokimi o‘rinbosari X.To‘xtayev boshchiligida hududiy ishchi guruh tarkibi shakllantirildi;
✍️ Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi har bir oliy ta’lim muassasasi kesimida aniq muddat va mexanizmlarga ega chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi belgilandi;
✍️ Sohalar va tarmoqlar kesimida yetakchi tadbirkorlar biriktirilib, «oliy ta’lim – texnopark – korxona» uzviy zanjirini amalda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
⚙️ Keng qamrovli bu kabi amaliy hamkorlik hududda yoshlarning startap ekotizimini rivojlantirish va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishda yangi sur'at bag‘ishlaydi.

